Ру O`z En

YANGI TAHRIRDAGI “MEHNAT KODEKSI”NING AHAMIYATI VA UNI JAMOA SHARTNOMALARIGA TATBIQ QILINISHI

Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan 2022-yil 28-oktabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuni asosida tasdiqlangan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2023-yil 30-aprel sanasidan kuchga kiradi.

Ushbu munosabat bilan joriy yilning 9 fevral kuni “Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari Respublika Kengashi” raisi o‘rinbosari Saidoqil Saidazimovich To‘xtayev,  Ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Nilufar Alimjanovna Muzapparova, bosh yuriskonsult Aslitdin Jaleletdinovich Xasanbayev hamda mehnat muhofazasi masalalari  bo‘yicha bosh mutaxassisi Shuxratilla Raxmatulla o‘g‘li Rixsiboyev ishtirokida, Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining ahamiyatini tushuntirish va uni jamoa shartnomalariga tatbiq qilinishi, hamda yangi Mehnat kodeksining kuchga kirishi xodimlarning ish sharoitlarini yanada yaxshilashga, ularning mehnatlari uchun adolatli haq to‘lanishiga, mehnatga majburlashning oldini olishga, xodimlarning dam olishga bo‘lgan huquqlarini yanada kengaytirishga va yana ko‘plab boshqa imkoniyatlar uchun xizmat qilishi haqida seminar tashkil etildi.

Seminarda yangi tahrirdagi mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan deyarli uch barobar katta bo‘lib, 581-ta moddani o‘z ichiga olgan. Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shilganligi soha mutaxassislari tomonidan aytib o‘tildi.

Seminar yakunida alohida ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi kodeks mehnat munosabatlari sohasidagi qator muammolar, mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, qonuniy hal qilish imkonini beradi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech