BILIM – BARQARORLIK ASOSI: HAVONI AJRATISH SEXIDA EKSTREMIZMGA QARSHI KURASH MAVZUSIDA DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI
Joriy yilning 6-avgust kuni jamiyatning Havoni ajratish sexida “Bilim – barqarorlik asosi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Davra suhbati shaklida tashkil etilgan ushbu uchrashuv diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirning asosiy maqsadi – xodimlar, ayniqsa yoshlar ongida barqaror ma’naviy qadriyatlarni shakllantirish, yot g‘oyalar ta’siriga qarshi turish qobiliyatini oshirish va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni Boshqaruv raisi maslahatchisi E’zozxon Abdullayeva ochib berdi. U o‘z so‘zida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni anglash orqali jamiyatda totuvlik va barqarorlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
So‘ngra, komplaens-kontrol xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov diniy ekstremizmning kelib chiqish sabablari, uning ko‘rinishlari va tarqalish yo‘llari haqida atroflicha ma’lumot berdi. U yoshlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish zarurligini, haqiqiy ma’naviy qadriyatlarni soxta g‘oyalardan ajrata bilish muhimligini alohida ta’kidladi.
Suhbat davomida ishtirokchilar faol ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalari va savollari bilan chiqish qildilar. Ochiq va samimiy muhitda o‘tgan tadbir barchaga ta’sirli bo‘lib, xodimlarning tinchlik va barqarorlikni saqlashga bo‘lgan mas’uliyatli munosabatini namoyon etdi.
Bunday ma’rifiy tadbirlar korxonada ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida muhim ahamiyatga ega.
«Farg‘onaazot» AJ Matbuot xizmati