“YANGI O‘ZBEKISTONNING BILIMDONLARI” – KORXONADA INTELLEKTUAL SALOHIYAT NAMOYISHI!
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligini munosib kutib olish maqsadida korxonamizda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan keng ko‘lamli tashkiliy-amaliy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Dasturi ishlab chiqilgan. Bu dastur doirasida avgust oyida bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, seminarlar hamda xodimlarning intellektual salohiyatini oshiruvchi turli tanlovlar tashkil etib kelinmoqda.
Shunday muhim tadbirlardan biri, joriy yilning 28-avgust kuni “Yangi O‘zbekistonning bilimdonlari” shiori ostida o‘tkazilgan intellektual tanlov bo‘ldi. Bu tanlov xodimlarning huquqiy, siyosiy va konstitutsiyaviy bilimlarini sinovdan o‘tkazishga qaratildi.
Tanlovda shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida nufuzli hakamlar hay’ati tuzildi. Hay’at tarkibiga korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ilhom Abduvohidov, boshqaruv raisi maslahatchisi E’zozxon Abdullayeva, Komplayens nazorat xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov, Yuridik bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Mahmud Qayumov, Ijtimoiy rivojlanish va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mutaxassisi Umida Axunjanova hamda Yoshlar Kengashi vakili Ilhomjon Umarovlar kiritildi.
Ushbu qizg‘in intellektual bellashuvda korxonaning turli tarkibiy bo‘linmalaridan 7 nafar ishchi-xodim o‘zlarining nafaqat bilimdonligini, balki O‘zbekiston Konstitutsiyasi asoslari, qonun hujjatlari va siyosiy jarayonlarga oid chuqur tushunchalarini namoyish etdilar. Savollar mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar va yangilanishlar haqida bo‘lib, ishtirokchilardan atroflicha bilim talab qildi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, eng bilimdon xodimlar aniqlandi:
1-o‘rinni Ishlab chiqarish-texnika boshqarmasi yetakchi muhandisi Abdullayev Avazbek egalladi.
2-o‘rinni Xo‘jalik sexi xodimasi Dadaxo‘jayeva Yorqinoy qo‘lga kiritdi.
3-o‘rinni Aloqa sexi xodimasi No‘monjonova Feruzaxon egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu intellektual tanlov ishchi-xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy, siyosiy va konstitutsiyaviy bilimlarini oshirish, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, shuningdek, Mustaqillik davrida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini xodimlar ongiga singdirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, yuksak saviyada o‘tdi. Bu kabi tadbirlar har bir xodimning shaxsiy va o‘z kasbini ustasi sifatida rivojlanishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, tanlov g‘oliblari korxonada O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirida faxriy diplomlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.
“Farg‘onaazot” AJ barcha xodimlarni bilim olishga, o‘z salohiyatini oshirishga va Yangi O‘zbekiston bunyodkorligiga hissa qo‘shishga chorlaydi! Bilim – kelajagimiz poydevori!
“Farg‘onaazot” AJ Matbuot xizmati