YILNING ENG FAOL YOSH KIMYOGARI ANIQLANDI
Korxonada yoshlarga oid davlat siyosati amalga oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan yoshlarning yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishiga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash, o‘z tanlagan kasbiga nisbatan hurmat va faxr tuyg‘usini shakllantirish, iqtidorli mutaxassislarning kasbiy bilim darajasini aniqlash, ular orasida sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirish va ularning innovatsion g‘oya, loyiha va texnologiyalarini hayotga tatbiq etish orqali yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida turli ko‘rik tanlovlar o‘tkaziladi. Shunday tadbirlardan biri joriy yilning 20-sentabr kuni o‘tkazilgan “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovidir. Bir necha yildan beri o‘tkazib kelinayotgan va an’anaga aylangan ko‘rik tanlovida korxonaning 6 nafar xodimlari ishtirok etdi.
Kasaba uyushma qo‘mitasi, Ishlab chiqarish texnik boshqarmasi, Ishlab chiqarishni nazorat qilish va loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi, Bosh energetik bo‘limi rahbar va yetakchi mutaxassislari hakamligi ostida oʻtgan tanlovda yosh mutaxassislarning ishlab chiqarishga joriy etilgan yangi loyihalari, ularning ishlab chiqarish hajmi va unumdorligini oshirishdagi ahamiyatli hissasi asosiy mezonlardan bo‘ldi.
Hakamlar hay’ati qaroriga muvofiq, Ilmiy-innovatsiya markazi yetakchi mutaxassisi Ikromjon Karimov - Yilning eng faol yosh kimyogari deb topildi va Respublika bosqichiga yo‘lanmani qo‘lga kiritdi..
2-o‘rin Ishlab chiqarish texnik boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Avazbek Abdullayev, 3-o‘rin esa Ishlab chiqarishni nazorat qilish va loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Husniddin Tillaboyevlarga nasib etdi.
Innovatsion va ratsionalizatorlik takliflarini kashf etish maqsadini ko‘zlovchi ushbu tanlov yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi, yosh mutaxassislarni o‘z ustida yanada ishlashga turtki berdi.
Gʻolib va sovrindorlar kasaba uyushma qo‘mitasining diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
“Farg‘onaazot” AJ Matbuot xizmati