Ру O`z En

XOTIN-QIZLAR FAOLLIGINI OSHIRISHGA DOIR SEMINAR – TRENING TASHKIL ETILDI

“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” – ana shu shior ostida “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Mustaqillik bayramini ko‘tarinki ruhida o‘tkazish maqsadida korxonada “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

Ushbu tadbir doirasida joriy yilning 10-avgust kuni “Farg‘onaazot” AJ majlislar zalida “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusida seminar-trening va “Zakovat” intellektual o‘yini xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazildi.

Seminar-trening korxona ma’muriyati va jamoat tashkilotlari hamkorligida, shuningdek yoshlar ittifoqi kengashi boshlang‘ich tashkilotining faol ishtirokida tashkil etildi.

Seminarda Farg‘ona viloyat Xotin-qizlar reabilitatsiyasi va moslashuv markazi bo‘lim boshlig‘i Ahmedova Jamila, Yoshlar ishlari agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Akramova Husniya, tajribali psixolog Uzoqova Muharramoy hamda “Respublikada faol kelajak bunyodkori” ko‘krak nishoni sohibasi Zarnigor Ubaydullayevalar ishtirok etishdi.

Seminarda so‘zga chiqqan mehmonlar korxona xodimlariga huquqiy madaniyatni oshirish, oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari himoyasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, hayotda og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdilar.

Seminar davomida tinglangan ma’ruzalar, o‘tkazilgan psixologik treninglar va namoyish etilgan motivatsion videoroliklar ushbu tadbirning barcha ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.

Tadbirning ikkinchi qismida seminar ishtirokchilari “Zakovat” intellektual o‘yinida o‘zlarining bilimlarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu o‘yinda 14 jamoa ishtirok etdi, va ularni ichida 1-o‘ringa “Chinor ostidagi duel”,
2-o‘ringa “Mahallada duv-duv gap”, 3-o‘ringa “Qaynonalar” va 4-o‘ringa “Suyunchi” jamoalari sazovor bo‘ldilar. G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

 

 

 “Farg‘onaazot” matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech