Ру O`z En

XMD SEXI XODIMLARI EMOTSIONAL BARQARORLIK VA PSIXIK ENERGIYA BALANSINI TIKLASH BO‘YICHA BILIMLARINI MUSTAHKAMLADI

Xlorat magniy defolianti sexida xodimlar uchun psixologiya fanlari doktori Nargizaxon Ergasheva tomonidan “Ortiqcha o‘ylash fenomeni, psixik energiya muvozanati va hissiy charchoqning psixologik mexanizmlari” mavzusida navbatdagi psixologik seminar-trening tashkil etildi. Tadbirda Yoshlar ittifoqi yetakchisi Nurmurod Sirojov hamda Ijtimoiy rivojlanish va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mutaxassisi Umidaxon Axundjanova ishtirok etdi.

Seminar davomida ishchi-xodimlar, tana va psixikaning uyg‘un ishlashi, ongni tinchlantiruvchi nafas olish texnikalari, psixofiziologik barqarorlikni oshirish mexanizmlari, salbiy emotsiyalarning inson ruhiyatiga ta’siri, jamoaviy muloqotda psixologik xavfsizlik tamoyillari kabi qator  interaktiv mashqlarda qatnashdi.

Shundan so‘ng, trening dasturiga muvofiq xodimlarning emotsional faolligini oshirish va ruhiy tetiklikni tiklashga qaratilgan qator psixotexnik mashqlar o‘tkazildi. Xususan,“Energiya banki”, “O‘ylama, harakat qil!”, “Teskari tafakkur”, “Fikrlar karuseli”, “Baxtli uzatma”, “Harakatdagi kayfiyat” singari o‘yin-trening mashqlari o‘rin oldi.

Ishtirokchilar ushbu mashg‘ulotlar orqali o‘zaro ishonchni mustahkamlab, bir-birlariga quvonch, ijobiy fikr va iliq tilaklarni ulashdilar. “Ertakka sayohat” energiya mashqi esa jamoada ruhiy yengillik va ichki uyg‘unlikni kuchaytirdi.

Seminar-trening xodimlarga nafaqat ijobiy emotsiyalar ulashdi, balki ularning psixologik barqarorligi, stressga qarshi immuniteti, ichki energiya balansini tiklash hamda mehnat jamoasida sog‘lom psixologik muhitni shakllantirishga xizmat qildi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech