QUTQARUV OTRYADIDA “SHAXSNING VAZIYATLARGA MOSLASHISHIDA EMOTSIONAL INTELLEKT” MAVZUSIDA PSIXOLOGIK TRENING O‘TKAZILDI
Korxonaning Qutqaruv otryadi shaxsiy tarkibi uchun psixologiya fanlari doktori Nargizaxon Ergasheva tomonidan “Shaxsning vaziyatlarga moslashishida emotsional intellekt” mavzusida psixologik trening tashkil etildi.
Mazkur seminar-treningning asosiy maqsadi xodimlarda emotsional intellekt kompetensiyalarini rivojlantirish, psixofiziologik barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, stressga chidamlilik va adaptiv xulq-atvor ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Trening davomida ishtirokchilarga tana va ong uyg‘unligi, nazoratli nafas olish texnikalari, kinestetik mashqlar, salbiy emotsiyalarning inson ruhiy holatiga ta’siri hamda ularni regulyatsiya qilish mexanizmlari bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.
Dastur doirasida psixologiyada “vaziyat” tushunchasining mazmuni, ekstremal vaziyatlarning texnogen, tabiiy, ijtimoiy va psixologik turlari, stressga javoban yuzaga keladigan emotsional va xulqiy reaksiyalar muhim ilmiy-amaliy jihatdan yoritildi.
Treningning interaktiv qismi xodimlar o‘rtasida ochiq muloqot, jamoaviy hamkorlik va ijtimoiy-psixologik iqlimni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. “Kulgi va ijobiy munosabatlar” mashqi orqali pozitiv emotsiyalar faollashtirilgan bo‘lsa, “Baxtli uzatma” mashqi ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, samimiylik va ruhiy yengillikni ta’minladi.
Mazkur trening qutqaruv otryadi xodimlarining kasbiy faoliyatida psixologik tayyorgarlik darajasini oshirish, murakkab va favqulodda vaziyatlarda emotsional barqarorlikni saqlash hamda samarali qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati